Buxoroda koronavirusga chalingan 68 yoshli ayol vafot etdi

Buxoroda koronavirusga chalingan buxorolik ayol o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Buxoro viloyati Buxoro shahrida yashagan 68 yoshli M.M. ismli ayolda 2020-yil 11-iyul kuni tana harorati ko‘tarilgan va uy sharoitida davolangan. 17-iyul kuni esa og‘ir ahvolda shifoxonaga olib kelinib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.

Shuningdek, bemor qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Avvalroq Toshkentda koronavirusga chalingan 22 yoshli homilador ayol vafot etgani va O‘zbekistonda bir kechada 287 kishida koronavirus aniqlanib, jami kasallanganlar soni 22 872 taga yetgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 30-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra 22 872 nafarni tashkil etgan. Shulardan 12 937 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, 9803 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар