Namanganda yillik quvvati 300 ming tonnaga teng bo‘lgan sement zavodi quriladi

Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Chust tumanidagi Zarafshon massivida “Factory cement” MChJ tomonidan qurilayotgan sement zavodini ko‘zdan kechirdi. Bu haqida Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, mazkur korxonaning loyiha qiymati 20 million AQSh dollari bo‘lib, 6,3 gektar maydonni egallaydi. 200 ta ish o‘rni yaratishi ko‘zda tutilgan sement zavodining yillik quvvati 300 ming tonnaga teng bo‘ladi. Xitoy texnologiyalari bilan jihozlanadigan yangi zavod 2020-yil oxirida ishga tushishi rejalashtirilmoqda.

“Qurilish ishlarining borishi bilan tanishgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mazkur hududning imkoniyatlarini hisobga olgan holda bu yerda kichik sanoat zonasi barpo etish taklifini ma’qulladi va bu borada mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, bu yerda qo‘shimcha oyna, bo‘yoq va travertin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutilgan.

Avvalroq Namangandagi 312 gektar suvsiz yerda 1000 ta issiqxona qurilishi ma’lum qilingan edi.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni kompaniyasi Peshku va G‘ijduvonda shamol elektr stansiyalari qurishi xabar qilindi.

Янгиликлар