O‘zbekistonda pensiyalar sentabrdan boshlab 10 foizga oshirilishi mumkin

Prezident farmoni bilan 2020-yil 1-sentabrdan boshlab yoshga doir pensiyalar, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshiriladi. Bu haqda “Tez News”ning hukumatdagi manbalari ma’lum qildi.

Farmonga muvofiq, 2020-yil 1-sentabrdan boshlab O‘zbekiston hududida:

  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 262 470 so‘m;
  • eng kam yoshga doir pensiyalar — oyiga 513 350 so‘m;
  • bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa — oyiga 513 350 so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 315 030 so‘m etib belgilangan.

Hozircha hujjat rasman e’lon qilinmagan.

Avvalroq O‘zbekistonda o‘tgan 6 oyda qancha kompensatsiya va “suyunchi puli” to‘langani ma’lum qilingandi. Shuningdek, qishloqlarda ishga joylashish ko‘nikmalarini rivojlantirish sohasiga 9,6 million yevro ajratilishi haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар