O‘zbekistonda tez tibbiy yordam xodimlarini rag‘batlantirish uchun 200 mlrd so‘m ajratildi

O‘zbekistonda tez tibbiy yordam xodimlariga jami 200 milliard so‘m moddiy rag‘batlantirish beriladi.

Ma’lum qilinishicha, Prezidentning tegishli farmoniga asosan respublika budjetidan tez tibbiy yordam brigadalari xodimlariga bir martalik pul mukofoti berish uchun 100 milliard so‘m va tadbirkor Alisher Usmonov tomonidan qo‘shimcha ravishda 100 milliard so‘m (10 million AQSh dollari ekvivalentida) miqdorida homiylik xayriyasi ajratildi.

Hukumatning tegishli qaroriga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash uchun jalb qilingan tez tibbiy yordam xodimlariga quyidagi miqdorlarda bir martalik moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari beriladi:

vrach xodimlarga — 5 million so‘m;
o‘rta tibbiyot xodimlariga (feldsher va sanitarlar) — 4 million so‘m;
haydovchilarga — 3 million so‘m.

Ushbu to‘lovlar 1-iyungacha ishga qabul qilingan xodimlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Avvalroq Alisher Usmonov O‘zbekistonga 100 milliard so‘m xayriya mablag‘i ajratgani xabar qilingandi.

Янгиликлар