Toshkentda koronavirusga chalingan 60 yoshli erkak vafot etdi

Koronavirusga chalingan toshkentlik 60 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashagan 60 yoshli Z.G. (erkak)da 15-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan. 18-iyul kuniga qadar bemor uy sharoitida davolangan, so‘ng kasallikning klinik belgilari kuchayganligi sababli Ibn Sino nomli 1-sonli shahar klinik shifoxonasiga olib kelingan va og‘ir holatda reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, infeksion toksik shok asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultasiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga stabil og‘ir bo‘lib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromdan vafot etgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 30-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, 23 078 nafarni tashkil etgan. Shulardan 13 432 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, 9512 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Avvalroq Toshkentda koronavirusga chalingan 57 yoshli erkak vafot etgan edi.

Янгиликлар