Toyloqda yengil avtomobillar uchun diskalar ishlab chiqariladi
Samarqand viloyati Toyloq tumanida 2020-yil umumiy qiymati salkam 150 milliard so‘mlik 43 ta loyiha amalga oshiriladi. Xususan, Xitoy texnologiyalari asosida yengil avtomashinalar uchun diska ishlab chiqaruvchi korxona loyihasi 2022-yilgacha qurib bitkaziladi, deya xabar berdi tuman hokimligi axborot xizmati.
Toyloq tumanida 2020—2022-yillarda “TAYLOQ BAXMALI” xususiy korxonasi tomonidan Xitoy texnologiyalari asosida umumiy qiymati 1 million 200 ming dollar miqdoridagi “Yengil avtomobillar uchun 13, 14, 15 o‘lchamdagi diskalar ishlab chiqarish” loyihasi amalga oshiriladi.
Xabarda ta’kidlanishicha, ushbu diskalar uchun xomashyo Rossiyaning PAO “Severstal” korxonasi tomonidan keltirilib, yiliga 390 ming dona yengil avtomobil diskalari ishlab chiqariladi. Korxona tumandagi 30 nafar yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlaydi.
Ma’lumot o‘rnida, tumanda 2020-yilda umumiy qiymati salkam 150 milliard so‘mlik 43 ta loyihalar amalga oshirilishi hisobiga 602 ta yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan. Shundan 11 milliard 850 million so‘m bank krediti, 2 million 684 ming dollar xorijiy kredit, 7 million 700 ming dollar xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilishi belgilangan.
Avvalroq, Samarqandda yanvar—iyun oylarida 4 mingdan ortiq yangi korxona tashkil etilgani va 6 oy ichida qariyb 3 trillion so‘m kredit ajratilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, viloyatda qurilish sohasida soxta hujjatlar bilan fuqarolarga ko‘p miqdorda zarar keltirgan shaxslar qilmishi fosh etilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusning salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida aholi va tadbirkorlarga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi.