Bo‘stonda yangi tez tibbiy yordam bo‘limi foydalanishga topshirildi. 4 nafar yosh ish bilan ta’minlangan

Andijon viloyati Bo‘ston tumanida tez tibbiy yordam bo‘limi ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi. Bo‘limga “Damas” avtomashinasi berildi va 4 nafar yosh ishga olindi, deb xabar berdi Andijon viloyati hokimligi axborot xizmati.

Foto: Bo‘ston tumani hokimligi matbuot xizmati

Bo‘ston tuman aholisiga tez va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishni tashkil qilish, tez tibbiy yordam bo‘limi xodimlariga yetarli shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam bo‘limi 29-iyul, chorshanba kuni homiylar tomonidan ta’mirlash va jihozlash ishlari yakunlanib foydalanishga topshirilgan.

Shuningdek, Bo‘ston tibbiyot kolleji bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash maqsadida bo‘limga 4 nafar, qishloq vrachlik punktlariga 14 nafar — jami 18 nafar yosh ishga qabul qilingan.

Foto: Bo‘ston tumani hokimligi matbuot xizmati

Foto: Bo‘ston tumani hokimligi matbuot xizmati

Bundan tashqari, tez tibbiy yordam bo‘limiga qo‘shimcha 1 dona “Damas” avtomashinasi ajratilgan. Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda bemorlarga tez va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Dispetcherlik xizmatiga qo‘shimcha bino ajratilib, u ham ta’mirdan chiqarilgan.

Avvalroq  Asakada yangi tez yordam mashinalari haydovchiligiga 20 nafar tibbiyot kolleji bitiruvchisi ishga olingani, Andijon shahridagi tibbiyot muassasalariga jami 10 dona “Damas” va Narpayda tez tibbiy yordam bo‘limlariga 5 ta “Damas” topshirilgani hamda Samarqandda koronavirus bemorlarini davolash uchun 1080 o‘rinli shifoxona qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар