Buxoroda kuchaytirilgan karantin davrida faoliyat yuritayotgan tungi klub aniqlandi
Buxoro viloyatining Buxoro tumanida karantin paytida noqonuniy faoliyat ko‘rsatgan tungi klubning yashirin faoliyatiga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, Buxoro tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan tumanda karantin tartib-qoidalariga amal qilinishi yuzasidan o‘tkazilgan tungi reyd davomida “Chorniy kvadrat” tungi klubining yashirin faoliyat olib borayotganligi aniqlangan.
Reydda kuchaytirilgan karantin bo‘lishiga qaramasdan, soat tungi 22:30 da “Mustaqillik” mahallasi hududida joylashgan “Chorniy kvadrat” diskobari 13 nafar mijozga xizmat ko‘rsatayotgani ma’lum bo‘lgan.
Yashirin tarzda mijozlarga xizmat ko‘rsatayotgani ma’lum bo‘lgan ushbu tungi klub rahbariyati IIB xodimlarining talabiga qaramasdan, bir soatga yaqin vaqt davomida klub eshigini ochmagan. Tadbir davomida qonunga muvofiq chora qo‘llanilgan holda ichkariga kirilgan.
“Klubda yosh yigit-qizlarning musiqa ostida ovqatlanib, chilim chekayotgani oydinlashdi. Ular orasida voyaga yetmaganlar ham borligi juda achinarli”, — deydi tuman IIB mas’uli.
Shuningdek, tungi klub rahbari 46 yoshli Q.B. klubni 26 yoshli ayol G.I.ga vaqtincha foydalanish uchun ijaraga bergani ma’lum bo‘ldi.
Ogohlantirishlarga qaramay, karantin davrida ham mijozlarga xizmat ko‘rsatgan G.I.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 2-qismi (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ushbu modda bilan ayblangan fuqaroning aybi isbotlansa, fuqaroga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Tuman IIBning qo‘shimcha qilishicha, klubning 13 nafar mijozi ham epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish moddasi bilan ayblanib, ularga ham chora ko‘riladi.
Avvalroq Oltiariqda esa karantin payti uyida qimor o‘yini tashkillashtirgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Shuningdek, Toshkentda karantin davrida narxlarni asossiz oshirgan 64 ta taksining litsenziyasi bekor qilingani ma’lum bo‘lgan edi.