Davlat xizmatlari agentligining 57 nafar xodimida koronavirus aniqlandi
Davlat xizmatlari agentligi tizimining 57 nafar xodimi COVID-19’ga chalingan. Bu haqda agentlikning matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat xizmatlari markazlarida odamlar oqimi yuqori bo‘lgani bois u yerda cheksiz va nazorat qilish qiyin bo‘lgan aloqa yuzaga kelgan.
Xabarda aytilishicha, markazlarda belgilangan grafik asosida binolar dezinfeksiya qilinmoqda, xodimlar zaruriy himoya vositalari bilan ta’minlanmoqda. Kirishda har bir tashrif buyuruvchining harorati o‘lchanib, bino ichida majburiy niqob rejimi o‘rnatilgan.
Davlat xizmatlari agentligi tizimining COVID-19’ga chalingan 57 nafar xodimi orasidan shu kungacha 1 nafar mutaxassis vafot etgan. Shuningdek, ikki nafari sog‘aygan bo‘lib, qolganlar hozirda davolanmoqda.
Avvalroq agentlikning Navoiy viloyatidagi koronavirusga chalingan xodimi vafot etgani xabar qilingan edi. Shuningdek, davlat xizmatlari markazlari karantin sababli masofaviy ish rejimiga o‘tkazilgani ma’lum qilingan edi.