Koronavirusning og‘ir shakli bilan kasallangan bemorlarda qanday alomatlar saqlanib qolayotgani ma’lum qilindi

AOKA huzuridagi shtabda 23-iyul, payshanba kuni Sanitariya-epidemiologiya nazorati Davlat inspeksiyasi rahbari Nurmat Otabekov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Xabar berilishicha, brifingda koronavirusning og‘ir shakli bilan kasallangan bemorlarda, asosan, qanaqa ko‘rinishdagi alomatlar saqlanib qolayotgani aytilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus infeksiyasining og‘ir shakli bilan kasallangan bemorlar organizmida tromboemboliya, tromboz, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi yoki o‘tkir koronar yetishmovchilik kabi poliorgan o‘zgarishlar yuzaga kelganligi sababli kasallikdan tuzalgandan keyin ba’zi bemorlarda o‘pka hayotiy sig‘imining 20-30% ga kamayishi, shuningdek, alveolalar devorlarida biriktiruvchi to‘qimaning yuzaga kelishi tufayli kasallikdan so‘ng o‘pka fibrozi kuzatilishi mumkin, bu esa harsillash, surunkali kislorod yetishmovchiligiga olib keladi.

Bundan tashqari, kasallikning yurak-qon tomir tizimida, buyraklarda va asab sistemasida ham patologik o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi mumkinligi ochiqlangan.

Avvalroq Nurmat Otabekov O‘zbekistonda koronavirus bemorlarini ko‘ngilli davolovchilarga respublika bo‘ylab bir xil ish haqi belgilanishi va koronavirus bemorlarini ko‘ngilli davolovchilarning tibbiy bilimga ega bo‘lishlari shart emasligini ma’lum qilgan edi.

Янгиликлар