Namanganda ayol tortishuv sabab qo‘shnisini pichoqlab qo‘ydi

Namangan shahrida ayol qo‘shnisi bilan janjallashib, oqibatda uni pichoqlab qo‘ydi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Namangan shahrida yashovchi 1991-yilda tug‘ilgan ayol 2020-yilning 11-iyul kuni soat 21:00 atrofida yashash uyi oldida qo‘shnisi 1966-yilda tug‘ilgan ayol bilan o‘zaro gap tortishib qolgan. Tortishuv janjalga aylanib, voqea joyida jinoyat sodir etilgan.

Xabarda ta’kidlanishicha, ayol qo‘lida bo‘lgan oshxona pichog‘i yordamida qo‘shnisining chap qo‘liga tan jarohati yetkazgan. Oqibatda jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Namangan shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan 2020-yil 21-iyul kuni Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Farg‘onada xotinini rashk qilib, qo‘shnisiga tan jarohati yetkazgan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Surxondaryoda erkak qo‘shni ayolning bo‘yniga pichoq urgani va Navoiyda 9-sinf o‘quvchisi 5 yoshli qizni pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар