O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish korxonalariga imtiyozlar berilishi ma’lum qilindi

Shavkat Mirziyoyevning “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik subyektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Prezident farmoniga binoan:

— umumiy ovqatlanish korxonalari uchun kichik tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etilgan imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llagan holda ularni kichik korxonalar toifasiga kiritish maqsadida 2020-yil 1-iyuldan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari uchun belgilangan xodimlarning yillik o‘rtacha soni 25 nafardan 50 nafarga oshiriladi;

— 2021-yil 1-iyulga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari karantin cheklovlarining bekor qilinishiga qarab Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘rnatilgan joylashtirish, qurish va foydalanish bo‘yicha vaqtinchalik talablarga rioya qilgan holda hamda tuman (shahar) hokimliklarini xabardor qilish orqali iste’molchilarga ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatish uchun o‘zlariga tutash bo‘sh yer uchastkalarida yengil konstruksiyalarni bepul joylashtirish va qurish huquqiga ega bo‘ladi;

— 2021-yil 1-iyulga qadar karantin cheklovlarining bekor qilinishiga qarab tadbirkorlik subyektlariga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan shartnoma tuzmasdan davlat soliq xizmati organlarining savdo muddati, mahsuloti va transport to‘xtashi taqiqlanmagan joylarni ko‘rsatgan holda xabardor qilish orqali avtodo‘kon, avtomagazin, avtotirkama, avtosisterna va fudtraklar orqali savdo qilish huquqi taqdim etiladi.

Shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasi o‘zining rasmiy sayti va mobil ilovalari orqali ko‘chma savdoni boshlash to‘g‘risida elektron xabarnomalarni bepul qabul qilishni ta’minlaydi.

— ikki kun muddatda umumiy ovqatlanish korxonalarida iste’molchilarga ovqatlanish yoki hordiq chiqarish xizmatlarini ko‘rsatish uchun yengil konstruksiyalarni joylashtirish, qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha vaqtinchalik talablar tasdiqlanadi;

— 2021-yil 1-yanvarga qadar xalqaro tajribadan kelib chiqib, umumiy ovqatlanish korxonalarining mavsumiy kafelari ishlashi, shuningdek, ko‘chma savdoni amalga oshirish tartibi tasdiqlanadi.

Avvalroq O‘zbekistonda tadbirkorlarga ko‘chma savdo qilish huquqi berilishi ma’lum qilingan edi.

Янгиликлар