Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi koronavirusga chalindi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov koronavirusga chalingan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ayni vaqtda koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda yangi taktika ishlab chiqish uchun Qoraqalpog‘istonda bo‘lib turibdi. U yerda ahvoli og‘ir bemorlar holati, ularni davolash jarayonini tahlil qilish va kerakli o‘zgartirishlarni kiritish maqsadida xorijlik va mahalliy mutaxassislar hamda olimlar ishtirokida videokonferensiya tashkil etilgan.
Tadbirda Yevropa Anesteziya va intensiv terapiya jamiyatining prezidenti, Frankfurt universiteti klinikasidagi Anesteziya, intensiv terapiya va kasalliklarni davolash klinikasi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Kay Zaxarovskiy, Frankfurt universiteti klinikasining anesteziologiya, intensiv terapiya va shoshilinch tibbiyot yo‘nalishidagi mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori Xolger Neb ishtirok etgan.
Xorijlik ekspertlar va mahalliy mutaxassislar Nukus shahridagi klinikada davolanayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov holatini tahlil qilgan. Ayni paytda uning holati stabil deb topilgan.
Avvalroq Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov koronavirusga chalinib, tuzalib chiqqani haqda xabar berilgandi. Shuningdek, adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova koronavirusga chalinganini ma’lum qilgandi. Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov koronavirusdan vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 18-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 16 068 nafarga yetdi. Ayni paytga qadar O‘zbekistonda 9003 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqaro sog‘aygan. Hozirda 6984 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.