Tojikiston prezidenti Hisor tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish ishlari bilan tanishdi

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 22-iyul kuni Hisor shahridagi fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish ishlari bilan tanishdi. Bu haqda “Asia-plus” xabar berdi.

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, prezident Hayoti Nav qishlog‘idagi Talabsho Davlatovlar oilasi tomorqasiga tashrif buyurgan. Vrach Talabsho Davlatov va uning oilasi 0,10 gektar maydonda dukkakli mahsulotlar va sabzavot yetishtiradi.

Bu yerda Emomali Rahmon oilaning ikki yilga mo‘ljallangan oziq-ovqat omborini ko‘zda kechirgan. Omborda bug‘doy, loviya, no‘xat, zig‘ir va konserva mahsulotlari saqlanmoqda. Prezident shaxsiy tomorqasidan samarali foydalangani uchun Davlatovlar oilasiga maishiy texnika jihozlarini sovg‘a qilgan.

Davlat rahbari “Fayzi dehqon”, “Fayzi hoji” dehqon xo‘jaliklari faoliyati bilan ham tanishgan. Qayd etilishicha, ushbu xo‘jaliklar Dushanbe, Hisor, Tursunzoda shaharlaridagi bozorlarni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlaydi.

Shundan so‘ng prezident shahardagi yangi quvur va profillar ishlab chiqaradigan mas’uliyati cheklangan jamiyatning ochilish marosimida ishtirok etdi. Korxona mahalliy tadbirkor Fozil Badiyev tomonidan xorijiy investitsiyalar jalb qilingan holda tashkil etilgan bo‘lib, asbest shifer va quvurlar, temir profillar, shisha tolalar ishlab chiqaradi.

Avvalroq O‘zbekistonda 2020-yilning birinchi yarmida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yetakchi viloyatlar aniqlangani haqda xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, yanvar—iyun oylarida qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaliklari mahsulot (xizmat)larining umumiy hajmi 97,2 trillion so‘mni tashkil etgan.

Янгиликлар