Xorazmda umumiy qiymati 30 mln so‘mlik buyumlarni talon-toroj qilgan fuqaro ushlandi
Xorazmda 21 dona telefon, 2 dona musiqa kuchaytirgich hamda 350 000 so‘m pulni yashirin ravishda talon-toroj qilgan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqida Tergov departamenti xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xorazmda 13-iyul kuni kechasi soat 2:00 da muqaddam sudlangan 30 yoshli D.X. Urganch shahar O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan korxona eshigidagi qulfini buzib, g‘ayriqonuniy ravishda kirgan. Fuqaro 21 dona turli rusumdagi telefon, 2 dona musiqa kuchaytirgich hamda 350 000 so‘m pulni yashirin ravishda talon-toroj qilgan. Jami 30 000 000 so‘m moddiy zarar yetkazib, hodisa joydan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan Urganch shahri Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (Xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida fuqaro D.X.dan jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan uyali aloqa vositalari ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkentda 16 yoshli bolaning 6,5 million so‘mlik buyumlarni talon-toroj qilgan haydovchi ushlangani, Andijonda fuqaroni urib, mashinasidan 500 dollar va 60 ming so‘m olganlikda gumon qilinib, 4 kishi qo‘lga olingani, Farg‘onada 700 ming so‘mlik telefon o‘g‘irlagan jinoiy guruh qo‘lga olingani, Qo‘qonda talonchilik qilgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgan edi.