Avtomobildan foydalanishda maxsus ruxsatnoma talab etilmaydigan holatlar ro‘yxati tasdiqlandi
Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda @koronavirusinfouz Telegram-kanali xabar berdi.
Mazkur ro‘yxatga sog‘liqni saqlash tizimidagi hamda xususiy tibbiyot tashkilotlarining xizmat va xodimlarining, farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning xizmat avtotransport vositalari kiradi. Shuningdek, fuqarolarga kechiktirib bo‘lmaydigan tez tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq hollarda tibbiyot muassasasiga borayotgan va undan qaytayotgan shaxsiy avtomobillari va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish lisenziyasiga ega bo‘lgan yo‘nalishsiz taksilar ham kiradi.
Undan tashqari:
— yetkazib berish, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, Oliy Majlis palatalari, sud va prokuratura organlari, Hisob palatasi, Biznes-ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha vakil, Inson huquqlari milliy markazi, Savdo-sanoat palatasining xizmat avtotransport vositalari;
— Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, agentliklar, boshqa davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda ommaviy axborot vositalarining xizmat avtotransport vositalari;
— Markaziy bank va uning hududiy boshqarmalari hamda tijorat banklarining xizmat avtomobillari;
— “Respublika inkassasiya xizmati” DUK xizmat avtotransport vositalari.
— Xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari hamda “CMD”, “D”, “UN”, “T”, “M” va “X” davlat raqami belgilariga ega bo‘lgan avtotransport vositalari, shuningdek, diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari, Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, xorijiy davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalari, savdo vakolatxonalari xodimlarining avtotransport vositalari.
— Aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar, “O‘zbekiston pochtasi” AJ, “O‘zbektelekom” AK va uning tashkilotlari hamda “O‘zinfokom” yagona integratori” MChJga tegishli xizmat avtotransport vositalari.
— N1, N2 va N3 toifaga kiruvchi avtotransport vositalari hamda qishloq xo‘jaligi texnikalari.
— “Toshshahartransxizmat” AK tarkibiga kiruvchi avtobus saroylarining M2 va M3 toifaga kiruvchi avtotransport vositalari.
— Yo‘l-patrul xizmati avtomobillari yordamida kuzatilayotgan avtotransport vositalari.
— Dafn marosimlarida xizmat ko‘rsatuvchi maxsus avtotransport vositalari.
— Mavsumiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib beruvchi M1 toifadagi jismoniy shaxslarga tegishli shaxsiy avtotransport vositalaridan foydalanishda maxsus ruxsatnoma talab etilmaydi.
Avvalroq Toshkent viloyatidan poytaxtga ishchi-xodimlarning kirib-chiqishi ham taqiqlanishi haqida xabar berilgan edi.