Farg‘onada YHXB xodimini mashinasida sudragan haydovchiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Farg‘onada Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi inspektorining qonuniy talabini bajarmasdan, unga faol qarshilik ko‘rsatgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar berdi viloyat IIB axborot xizmati.

Viloyati Ichki ishlar boshqarmasi YHXB katta inspektori T.D. 2020-yil 11-iyul kuni soat 16:00 atrofida, o‘ziga biriktirilgan Qo‘qon shahar Furqat ko‘chasida xizmat olib borayotgan vaqtida, fuqaro R.D.ga tegishli “Spark” mashinasini to‘xtatgan.

Haydovchi R.D. boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarsiz va karantin qoidalariga rioya qilmagan holda avtomashina boshqarayotganligi aniqlangan bo‘lsa-da, u katta inspektor T.D.ning qonuniy talabini bajarmasdan, faol qarshilik ko‘rsatib, avtomashinasini unga qarata haydab, yon tomoni bilan inspektorni urib yuboradi.

Bundan tashqari, inspektorning avtomashina old qismiga yotib qolganidan foydalanib, uning to‘xtatish haqidagi talabini bajarmasdan, tushirib yuborish maqsadida xavfli harakatlar qilgan holda yo‘lning qatnov qismi bo‘ylab 98 metr masofaga qadar sudrab borgan. Haydovchi hodisa joyidan qochib ketmoqchi bo‘lganida IIO xodimlari tomonidan ushlangan.

Holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan R.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi ( Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Oqqo‘rg‘onda YPX xodimlari va fuqarolar o‘rtasida bo‘lgan janjal haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар