O‘zbekiston va Xitoy birgalikda koronavirusga qarshi vaksina sinovini o‘tkazishi mumkin

Xitoy O‘zbekistonga koronavirusga qarshi vaksinani sinash bo‘yicha hamkorlikni taklif qildi. Bu haqda O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Baxtiyor Saidov va “Sinopharm Group” boshqaruvi raisi Lyu Szinchjen o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Dunyo” agentligi.

Foto: “Dunyo”

Uchrashuv davomida Xitoy tomoni “China National Biotec Group” (CNBG bo‘linmalaridan biri — “Sinopharm Group”) tomonidan ishlab chiqilgan inaktivlashtirilgan va rekombinant vaksina klinik sinovlarining ikki bosqichi muvaffaqiyatli o‘tganini bildirgan.

“Yaqinda Xitoy aholisi o‘rtasida klinik sinovlarning oxirgi, ya’ni uchinchi bosqichi boshlangan. Korporatsiya rahbari O‘zbekiston hududida ham ana shunday sinovni o‘tkazishni taklif qildi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, mazkur vaksina inson tanasiga yuborilganidan keyin 2 yil davomida ta’sir qiladi. Bugungi kunda Xitoy hududida 50 mingdan ortiq odam vaksina qabul qilgan. Shuningdek, iyul oyida vaksinani ommaviy ravishda ishlab chiqarish maqsadida Pekinda ikkinchi yirik zavodning qurilishi nihoyasiga yetkazildi. Natijada mamlakatning vaksina ishlab chiqarish quvvati ikki barobarga oshib, yiliga 200 million dozaga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari Ruslan Salikov mamlakatning COVID-19’ga qarshi birinchi vaksinasi tayyor ekanini ma’lum qilgan. Shuningdek, AQShda koronavirus vaksinasi sinovining birinchi bosqichi muvaffaqiyatli o‘tgani haqda xabar berilgandi.

Янгиликлар