Toshkentda 62 yoshli ayol vafot etdi. O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 77 nafarga yetdi

Koronavirusga chalingan poytaxtlik 62 yoshli bemor o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahri Sirg‘ali tumanida yashovchi 62 yoshli N.A.da (ayol) joriy yil 8-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va shahar 1-son klinik shifoxonasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Kasallik o‘tkir nafas hamda yurak qon-tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultasiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.

Shunday qilib, O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 77 nafarga yetdi. Avvalroq Toshkentda koronavirusga chalingan 48 yoshli erkak vafot etgani xabar qilingan edi.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi vafot etgan podpolkovnik oʻlimiga koronavirus sabab boʻlganini tasdiqlagandi. Shundan so‘ng Davlat xizmatlari agentligi xodimi koronavirusdan vafot etgani haqida xabar qilindi.

Bugun, 17-iyul kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining boshqarma boshlig‘ining ham koronavirusdan vafot etgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan bo‘lsa-da, rasmiy axborot berilmadi. Shuningdek, xonanda Kaniza ham koronavirusga chalinganini ma’lum qildi.

Янгиликлар