O‘zbekistonda 217 kishi koronavirusdan tuzalib, kunlik sog‘ayish bo‘yicha rekord yangilandi

Toshkentda koronavirus infeksiyasiga chalingan yana 90 nafar bemor sogʻayib, 3-iyul kuni oʻz uyiga kuzatildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 2 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 24 nafar, Toshkent tibbiyot akademiyasining koʻp tarmoqli klinikasida 41 nafar, shahar 1-son klinik shifoxonasida 18 nafar, 3-son tugʻruq kompleksida 5 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sogʻaygan.

Bundan avval Toshkent va Namanganda 127 nafar bemor sogʻaygani xabar berilgan edi. Shu tariqa bugun bemorlarning 217 nafari koronavirus infeksiyasidan tuzaldi va sogʻayish koʻrsatkichi boʻyicha yangi rekord oʻrnatildi.

Eslatib oʻtamiz, bundan oldingi rekord koʻrsatkich 27-iyun kuni qayd etilgan boʻlib, 202 nafar bemor tuzalgan va uyiga kuzatilgandi.

Eʼtiborli jihati, bugunning oʻzida poytaxtdagi tibbiyot muassasalarida 212 nafar bemor koronavirusdan tuzaldi va ayni paytgacha Toshkent shahri va viloyatida COVID-19’dan sogʻayganlar soni 3837 nafarga yetdi.

Hozirda O‘zbekiston boʻylab sogʻayganlar soni 6251 nafarni tashkil etmoqda.

Kasallanganlarning umumiy soni esa 3-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra 9326 nafarga yetdi. Mamlakatda epidemiya boshlanganidan beri jami 28 kishi kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan.