Shifoxona qorovuli va shifokorini urgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Samarqand shahrida 3-iyul kuni 26 yoshli fuqaro Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining qorovuli va shifokorini urgani uchun unga nisbatan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

Aniqlanishicha, 3-iyul, juma kuni soat 16:30da 26 yoshli fuqaro X.K. Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining kirish darvozasi oldida, shifoxona qorovuli 20 yoshli F.M. va shifokori 48 yoshli F.M. bilan janjallashib, ularga tan jarohati yetkazgan. Janjalga sabab esa, fuqaro X.K. otasini shifoxonadan avtoulovda olib chiqib ketmoqchiligi, lekin shifoxona hududi karantin sharoitidaligi uchun bunga ruxsat berilmaganligi bo‘lgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, shifoxona qorovuli X.K.da burun sohasi yumshoq to‘qimasi lat yeyishi va burun suyagining sinishi kabi jarohatlar mavjud bo‘lib, ushbu jarohatlar sog‘liqni qisqa muddatga buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohatlar toifasiga kirishi aniqlangan.

Tibbiyot markazi shifokori F.M.da birlamchi maʼlumotlarga ko‘ra, chap yonoq, pastki jag‘ yumshoq to‘qimalari lat yeyishi va bosh miya chayqalishi qayd etilgan.

Holat yuzasidan 2020-yil 7-iyul kuni Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan X.K.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ta’kidlanishicha, hodisa joyidan olingan videotasvirda shifoxona qorovuli va shifokori janjal vaqtida X.K.ga ham tan jarohati yetkazganligi aks etgan. Shu sababli tergov yakuniga ko‘ra, protsess ishtirokchilarning har biriga qonunda belgilangan chora ko‘rilishi ta’minlanadi.

Avvalroq Farg‘onada uch yigit “zapravka” egasini besabab kaltaklagani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар