Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqishga ruxsat beriladi
Avtotransport vositalarida Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga (hamda aksincha yo‘nalishda) kirib-chiqishga istisno holat sifatida ruxsat berildi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Olim Saidov ma’lumot berdi.
Foto: “TezNews”
Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘ining ta’kidlashicha, Toshkent shahri va Toshkent viloyati ma’muriy hudud sifatida uzviy bog‘liq. Aksariyat Toshkent viloyati aholisi Toshkent shahrida ishlaydi.
“Ushbu ikki hudud chegaralari juda jipslashgan – Toshkent shahri to‘liq Toshkent viloyati qurshoviga olingan. Shu sababli Maxsus komissiyaning navbatdagi bayonida shunday istisno kiritildi”, — deya qo‘shimcha qiladi Olim Saidov.
Avvalroq O‘zbekistonda karantin qoidalari kuchaytirilib, avtotransportlar harakati cheklangani haqida xabar berilgandi.