Farg‘onada mahalla raisini haqorat qilgan deputat qamaldi

Farg‘ona viloyati Toshloq tuman kengashining deputati hamda “Toshloq dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari A.Toshmatov mahalla raisini haqorat qilganligi uchun qamaldi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tumandagi “Xo‘jaariq” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi M.Zokirova 24-mart kuni yig‘in ma’muriy binosi oldida savdo qilib o‘tirgan O.Haydarovani mahalla binosiga kirish eshigini sotuvdagi buyumlari bilan to‘sib qo‘yganidan g‘azablangan. Uning kiyim-kechaklarini tepib tashlab, uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, baqir-chaqir qilib fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligini buzib mayda bezorilik qilgan.

Shundan so‘ng, voqea joyiga bozor rahbari A.Toshmatov yetib kelib M.Zokirova bilan janjallashib ketadi. Bir-birlarini uyatli so‘zlar bilan so‘kishib, o‘sha yerdagi boshqa fuqarolarning ham tinchligini buzgan. Janjal davomida A.Toshmatov boshqa fuqarolar oldida M.Zokirovani “xalq dushmani” deb haqorat qilgan.

Bundan tashqari, A.Toshmatov janjal davomida M.Zokirovaga muqaddam tol daraxtini kestirib yuborib, javobgar bo‘lishida go‘yoki pora berib qutulgani haqida gapirib, unga tuhmat qilgan.

“Sud ish holatlarini har tomonlama tahlil qilib, barcha taraflarning harakatlariga baho berdi”, – deydi Toshloq tuman ma’muriy sudi raisi Abrorxon Akramov.

A.Toshmatovning xatti-harakatlari M.Zokirovaning shaxsiga emas, davlat organlari va fuqarolarni o‘z-o‘zini boshqarish organlarining normal ish faoliyatiga qarshi qaratilib, uning harakatlarini bezorilik deb baholandi. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 40-moddasi (tuhmat) va 183-moddalari (mayda bezorilik) bilan uzil-kesil o‘tashlik uchun ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.

Avvalroq, Farg‘onada uch yigit “zapravka” egasini besabab kaltaklagani haqida xabar berilgan edi.