Olmazorda o‘g‘irlikda gumonlanuvchi omborxona qorovuliga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Olmazor tumani Usta Shirin ko‘chasida joylashgan MChJlardan birining omborxonasida qiymati salkam sakkiz millionga teng bo‘lgan santexnika jihozlari yo‘qolgan. Bu haqda Toshkent shahar IIB matbuot xizmati xabar berdi.

MChJ rahabri M.M.ning tuman ichki ishlar organlariga qilgan murojaatiga ko‘ra, omborxonadan 7 596 000 so‘mlik santexnika buyumlari yo‘qolgan. Ushbu o‘g‘irlikda 2019-yilning 11-martidan 2020-yilning 16-mart kuniga qadar qorovul bo‘lib ishlagan 26 yoshli fuqaro S.S. gumon qilinmoqda.

Holat bo‘yicha Olmazor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Toshkentda 116 million so‘mlik mahsulot o‘g‘irlagan omborxona mudiriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар