O‘zbekistonda karantin cheklovlari nima sababdan kuchaytirilganligi ma’lum qilindi

AOKA huzuridagi shtabda koronavirus tarqalishining oldini olish va aholi salomatligini ta’minlash yuzasidan tizimda olib borilayotgan ishlar bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda karantin cheklovlari nima sababdan kuchaytirilganligi ma’lum qilindi.

“Karantin cheklovlari yumshay boshlagandan keyin kasallanish soni keskin ortib bordi. Hozirgi kunda klinikalarimizda 5 mingdan ortiq o‘rinda koronavirusga chalingan bemorlar davolanmoqda. Bu — juda katta raqam. Endi 20 kun uyda o‘tirsak, zararlanish zanjirini uza olsak, koykalardagi bemorlar soni ham kamayadi”, —  deydi Koronavirusga qarshi kurashish maxsus komissiyasi a’zosi Habibulla Oqilov.

Habibulla Oqilovning ta’kidlashicha, ilgari yangi zararlanish soni, asosan, chet eldan qaytarilgan o‘zbekistonliklar ichidan chiqqan bo‘lsa, hozirda teng yarmi aholi orasida aniqlanyapti. Mana shu karantin choralari kuchaytirilishining asosiy sababidir.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 10-iyuldan 1-avgustgacha karantin tartibi e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, to‘ylar va avtomobillar qatnovi cheklanib, barcha hududlar 10-iyuldan “qizil” toifaga o‘tkazilgan. Shuningdek, dam olish kunlari avtotransport harakati butunlay cheklanishi ma’lum qilingandi.

Ma’lumot uchun, 13-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 13 193 nafarni tashkil etmoqda.

Avvalroq 13-iyuldan mahalliy poyezd va aviaqatnovlar to‘xtatilib, O‘zbekistonda qo‘shimcha karantin qoidalari kuchga kirgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар