Farg‘onada 18 ming oila kambag‘allikdan chiqariladi

Farg‘ona viloyatida kambag‘al oilalar sonini kamaytirish, ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Viloyat hokimi ana shunday ishlar jarayoni bilan tanishish maqsadida hududning bir qancha MFYlarida bo‘ldi, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Viloyatda pandemiya ta’sirida ishsiz qolgan aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida o‘tgan davrda tumanlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekish uchun yer maydonlari ajratib berilgan. Anorchilik, uzumchilik, malinachilik kabi kooperatsiyalar tashkil etilib, minglab yoshlarning bandligini ta’minlangan.

Ta’kidlanishicha, qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavjud imkoniyatlar ishga solinib, 18 ming oila kambag‘allikdan chiqariladi.

Viloyat hokimi “Sarmazor baxt zamini” fermer xo‘jaligidagi takroriy ekin ekish uchun ajratilgan yer maydonidagi ekinlar parvarishi bilan tanishgan. Bu yerdagi mosh ekinining rivojini ko‘zdan kechirib, sug‘orishdan so‘ng yerga ishlov berilmagani tufayli qatqaloq yuzaga kelganligi, shu sababdan zudlik bilan kultivatsiya qilish uchun texnika ajratib, zarur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishga ko‘rsatma bergan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Chimyon qishlog‘ining “Zilol” mahallasida yashovchi Bahodir Toshbekovlar oilasi “temir daftar”ga kiritilgan. Oila boshlig‘i yollanma ishchi sifatida 7 nafar oila a’zosini boqyapti. Viloyat hokimi 200 bosh parrandani bu oilaga beg‘araz yordam sifatida tuhfa qilgan. Shuningdek, “Satkak” mahallasidagi “Tafakkur fayz gulshani” fermer xo‘jaligining g‘alladan bo‘shagan yer maydoni 102 nafar ehtiyojmand oilalarga ajratib berilgan.

Ma’lumotlarga ko’ra, viloyatning Qo‘shtepa tumanida 2043 ta kambag‘al oila ro‘yxatga olingan. Ayni kunlarda 1234 ta xonadonga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekish uchun yer berilgan. Markaziy Farg‘ona hududida esa 560 gektar yerning o‘zlashtirishi natijasida ko‘plab oilalar daromadga ega bo‘lmoqda. Xususan, 151 nafar yigit-qizlarga 0,5 gektardan yer maydoni takroriy ekin ekish uchun biriktirilgan.

Farg‘ona viloyatining barcha tumanlarida g‘alladan bo‘shagan maydonlarda yetishtirilayotgan ekinlar nazoratdan o‘tkazilyapti, zarur holatda agrotexnik yordam ko‘rsatilmoqda. Ayni chog‘da bo‘sh qolgan yerlar yoshlar va kam ta’minlangan oilalarga biriktirilishi davom etmoqda, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Avvalroq Andijonda pandemiya sharoitida ogʻir vaziyatda qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatilgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар