Habibullo Oqilov: “Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘lim holatlarini kamaytirib ko‘rsatayotgani yo‘q”

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Habibullo Oqilov AOKAdagi matbuot anjumanida O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyat, koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichining o‘sib borishi, statistik raqamlar haqidagi savollarga javob qaytardi.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘lim holatlarini kamaytirib ko‘rsatayotgani yo‘q. Bizga bundan hech qanday naf ham yo‘q. Biroq vafot etayotganlar orasida koronavirus infeksiyasiga test topshirgan va tahlil javoblari orqali tasdiqlanmagan holatlar bo‘lishi mumkin. Qo‘limizda bemorda koronavirus tashxisi tasdiqlangan fakt bo‘lmasa, uni koronavirusdan vafot etdi, deya olmaymiz”, — deydi Habibullo Oqilov.

Shuningdek, O‘zbekistonda 16 ta shifoxona koronavirusga chalingan fuqarolarni davolash uchun ishlamoqda. Zangiotadagi maxsus klinika esa ochilganiga bir hafta bo‘lmasdan bemorlarga to‘lib bo‘lganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 65 nafarga yetgan.

Avvalroq Qashqadaryo viloyati Sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazining 4 nafar xodimida koronavirus infeksiyasi qayd etilgani haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар