“Har bir oila, har bir fuqaro — pandemiyaga qarshi”. Andijon viloyati shifokorlari koronavirusga qarshi tashabbus bilan chiqdi
Andijon viloyati shifokorlari “Har bir oila, har bir fuqaro — pandemiyaga qarshi” shiori ostida koronavirusga qarshi kurash tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, ushbu shior ostida mahalla, qishloq, shaharda, karantin qoidalariga amal qilib faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarda salomatlikning koʻngilli masʼullari boʻlishga chaqirilgan.
Ayni paytda shifokorlar, tibbiyotga aloqador barcha insonlar oilalar, xonadonlar, mahallalarda, jamoat joylarida, nazorat postlarida ekanligi qayd etilib, bu oddiy shamollash emasligi, sogʻliqqa befarq boʻlmaslik kerakligi va odamlar bir-birini tushunishi lozimligi ta’kidlangan.
“Tibbiyotga qadam qoʻyishdan avval Gippokrat qasamini ichganmiz. Bemorlar irqi, dini, nasl nasabi, yoshi va jinsidan qatʼiy nazar eʼtiborimizga ehtiyoji bormi, tamom, qoʻldan kelgan borki koʻmakni ayamaymiz. Ayni kunda esa ana shu yordamimizdan tashqari targʻibot-tashviqot tadbirlarimiz zarurati ham tugʻilmoqda.
Bugun tibbiyotga hamohang umid bu – uyda qolish! Pandemiya xatarini sezdingizmi, hurmatli yurtdosh, oʻzingizni va yaqinlaringizni, qolaversa, Oʻzbekiston atalgan jannatmakon kelajagini asrash uchun shifokorga murojaat qiling. Oʻz bilganingizcha uy sharoitida davolanmang. Haroratning koʻtarilishi xavf yaqinligidan darak ekanligini unutmang”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov rahbarlarning ishdagi natijalariga qarab ularni qizil va ko‘k rangli ko‘krak nishon bilan baholash tizimini yo‘lga qo‘yish tashabbusi bilan chiqqani xabar berilgan edi.
Ma’lumot uchun, Oʻzbekistonda 13-iyul soat 23:30 holatiga koʻra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 13591 nafarga yetdi. Shundan 8030 nafari (59 foiz) sogʻaygan, 63 nafari vafot etgan.
Andijonda pandemiya sharoitida ogʻir vaziyatda qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan.