Andijon shahriga kirish hududida karantin tartib-qoidalari nazorati kuchaytirildi

Andijon viloyatida koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida Andijon shahriga kirish joylarida 13 ta blokpost tashkil etildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Andijon viloyati IIB matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, ushbu postlarda Xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashi deputatlari nazorati ostida Ichki ishlar, Milliy gvardiya va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlaridan iborat kundalik naryadlar tashkil etilgan.

Foto: Andijon viloyati IIB matbuot xizmati

Andijon shahri hududiga kirib kelayotgan fuqarolar o‘rtasida sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va xavfsizlikni ta’minlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, postlarga biriktirilgan xodimlar tomonidan fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida bepul tibbiy niqoblar tarqatilmoqda.

Foto: Andijon viloyati IIB matbuot xizmati

Avvalroq Andijonda yana 62 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgani xabar qilingandi. Hozirga qadar viloyatda koronavirusga chalingan 446 nafar bemorning 323 nafari sog‘aygan, hududda kasallikdan vafot etganlar mavjud emas.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 15-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 14 293 kishiga yetgan. Ayni paytda 8 327 nafar fuqaro sog‘aygan, 5 898 bemor davolanmoqda. Ulardan 51 nafari og‘ir, 6 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Янгиликлар