Namanganda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan toza ichimlik suvi ishlab chiqaruvchi korxonada 200 kishi ish bilan ta’minlanadi

Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Hydrolife Botters MChJ filialining faoliyati bilan tanishdi, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati

“Zarbdor” MFY hududida joylashgan va faoliyati to‘xtab qolgan mahsulotlar saqlanadigan eski ombor binosi qayta rekonstruksiya qilinib, Xitoy texnologiyasi asosida ish boshlagan mazkur korxonada hozirda 30 ta ish o‘rni yaratilgan. Korxona to‘liq quvvat bilan ishlay boshlagach, yana qo‘shimcha 200 kishining bandligini ta’minlash  rejalashtirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, korxonaning 1 million 200 ming AQSh dollari mablag‘i va 250 ming dollar bank krediti yo‘naltirilgan loyiha asosida 200 metr chuqurlikdan olingan suv yetti bosqichli filtrdan o‘tkazilib, kuniga 7 ming dona sig‘imi 5 va 10 litrli mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati

“Xarajatlarni va tannarxni pasaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarining holati, mahalliylashtirish va rentabellik darajasi, mahsulot raqobatbardoshligini oshirish, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarish, uning eksport salohiyatini kengaytirish, jahon bozorida munosib va mustahkam o‘rin egallashga intilish, istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish muhim vazifalardan hisoblanadi”, — dedi viloyat hokimi.

Avvalroq Andijonda tadbirkor tikuvchilik sexiga 3 mln dollar investitsiya kiritib, 500 dan ortiq fuqaroni ish bilan ta’minlashi haqida xabar qilingandi.