Toshkentda “Cobalt” mashinasini olib qochgan shaxs ushlandi

Toshkent shahri Mirobod tumanida 9-iyul kuni noma’lum shaxs fuqaro R.R.ning “Cobalt” mashinasini olib qochgan. Bu haqda Tergov departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Tergov departamenti matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, 9-iyul soat 18:40 da Mirobod tumanidagi “Poytaxt” savdo majmuasi noma’lum shaxs 34 yoshli R.R.ning ishonchiga kirib, uning “Cobalt” avtomashinasini to‘xtash joyiga olib kirishini aytgan. So‘ngra avtomashinani olib qochib, hodisa joyidan yashiringan.

Foto: Tergov departamenti matbuot xizmati

Tezkor qidiruv harakatlari natijasida olib qochilgan avtomobil Yashnobod tumanida topilib, ushbu jinoyatning 30 yoshli M.R. tomonidan sodir etilganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Mirobod tumani bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (Transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. M.R. ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Foto: Tergov departamenti matbuot xizmati

Avvalroq Toshkent—O‘sh avtomobil yo‘lining 270-kilometrida Toshkent—Vodiy yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan “Shacman” yuk mashinasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘l chetiga ag‘darilib ketgani haqda xabar berilgandi.

Янгиликлар