Andijonda yana 31 kishida koronavirus aniqlandi

Andijon viloyatida 15-iyul soat 23:30 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 31 kishiga oshib, 496 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi kasallanish holatlarining barchasi — 31 nafari koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Ayni paytga qadar Andijonda koronavirus infeksiyasiga chalingan 323 nafar fuqaro (65 foiz) sog‘aygan.

Shu kunning o‘zida soat 10:00 holatiga ko‘ra, 62 nafar fuqaroda, soat 17:30 holatida esa yana 19 kishida koronavirus qayd etilgani xabar qilingandi. Shunday qilib 15-iyun kuni Andijon viloyatida 112 kishida koronavirus qayd etildi.

O‘zbekiston bo‘yicha esa jami kasallanganlar soni 14581 nafarga yetdi. Shundan 8655 nafar bemor sog‘aygan.

Янгиликлар