O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlangani rasman tan olindi
O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini ketmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga “hayfsan” e’lon qilish haqidagi 15-iyuldagi farmoyishida ta’kidlangan.
“Jahon miqyosida koronavirus pandemiyasi tarqalishi tufayli O‘zbekistonda ham ushbu infeksiyaga qarshi kurashish, uning aholi orasida keng tarqalib ketmasligining oldini olish, samarali karantin va davolash tizimini yaratish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, epidemiyaning ikkinchi to‘lqini natijasida Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar va u bilan bog‘liq o‘limlar soni keskin oshib ketdi. So‘nggi uch hafta davomida respublikada aniqlangan 7700 bemorning 2800 nafari Toshkent shahri aholisi o‘rtasida aniqlandi hamda respublika bo‘yicha ushbu kasallikdan bevaqt vafot etgan jami 50 kishidan 32 tasi Toshkent shahrida qayd etilganligi ham poytaxtdagi epidemiologik vaziyat izdan chiqqanligini ko‘rsatmoqda”, — deyiladi farmoyishda.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-iyul, chorshanba kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevga hayfsan eʼlon qilingan, shahar va viloyatning barcha sektor rahbarlari jiddiy ogohlantirilgandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 16-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 204 nafarga ko‘payib, 14 991 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 8655 nafari sog‘aygan, kasallik qurbonlari soni qurbonlari soni 74 nafarga yetgan.