Qashqadaryoda koronavirus tekshiriladigan laboratoriya xodimlarida virus aniqlangan

Qashqadaryo viloyati Sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazining 4 nafar xodimida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. 8-iyul kuni o‘tkazilgan test sinovi natijasi shuni ko‘rsatmoqda, deya xabar beradi markaz matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, markaz xodimlarida koronavirus aniqlangach, 9—10-iyul kunlari markaz to‘liq dezinfeksiya tadbirlarini o‘tkazish uchun vaqtincha yopilgan. Laboratoriyada ishlovchi xodimlar uy karantiniga olingan.

“Shu o‘rinda alohida eslatib o‘tmoqchimiz, koronavirus infeksiyasiga birinchi navbatda bemorlar va ular bilan birlamchi, ikkilamchi muloqotda bo‘lganlar, chet davlatdan kelgan fuqarolar hamda tibbiyot xodimlari, tana harorati 37 darajadan yuqori bo‘lgan shaxslardan test namunalari olinishi belgilangan. Fuqarolarning asossiz test topshirishlari o‘z navbatida tahlillar sonining ortishiga, bu esa tekshirish zarurati bo‘lgan shaxslarning tahlillari kechikishiga sabab bo‘lmoqda”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Qashqadaryoda koronavirusga chalingan 97 nafar bemor tuzalgani xabar qilingandi. Hozirga qadar viloyatda koronavirusga chalingan 409 nafar bemorning 276 nafari sog‘aygan, 2 kishi vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 16-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 14 991 kishiga yetgan. Ayni paytda 8655 nafar fuqaro sog‘aygan, 6263 bemor davolanmoqda. Ulardan 60 nafari og‘ir, 7 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.