Koronavirusdan uyida davolanayotgan bemorlar bepul dori-darmon bilan ta’minlanadi

Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida 16-iyul kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Komissiya yig‘ilishida uyida davolanayotgan koronavirus bemorlarini bepul dori-darmonlar bilan ta’minlash yuzasidan qaror qabul qilinib, ularga yetkazib beriladigan dori-darmonlar ro‘yxati tasdiqlandi.

Bundan buyon koronavirus kasalligidan uyida davlanayotgan bemorlarga “Gidroksixloroxin”, “Azitromitsin”, “Parasetamol”, “Vitamin C” kabi dori-darmonlar hamda bir martalik tibbiy niqoblarni belgilangan me’yorda bepul yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi. Koronavirus infeksiyasi bo‘yicha test musbat natija bergan hamda kasallik yengil kechayotganligi sababli shifokorlar tavsiyasiga asosan uyida davolanayotgan bemorlar mazkur tibbiy vositalar bilan ta’minlanadi.

Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda tegishli idoralarga zudlik bilan mazkur dori-darmonlarning 50 mingta to‘plamini shakllantirish va uyida davolanayotgan bemorlarga yetkazib berish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatildi.

O‘zbekistonda 17-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 15 349 kishini tashkil etgan. Hozirda 8783 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqaro sog‘aygan. 6490 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda. Ulardan 58 nafari og‘ir, 7 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Avvalroq Prezident Jahongir Ortiqxo‘jayev va Alisher Shodmonovga koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash boʻyicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani uchun hayfsan bergani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan O‘zbekistonda 13-iyuldan 1-avgustga qadar qo‘shimcha ravishda karantin cheklovlari joriy etilgan. Vazirlar Mahkamasining 15-iyul kungi 329-sonli farmoyishida O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlangani rasman tan olingan.

Янгиликлар