Buxoroda avtomobil salonidan 2260 dollar va 500 rubl pulni o‘g‘irlagan shaxslar qo‘lga olindi. Ularning aksariyati — voyaga yetmaganlar

Buxoro viloyatida o‘smirlar va voyaga yetmaganlardan iborat jinoiy guruh avtomobil salonidan 2260 dollar va 500 rubl pulni yashirin ravishda o‘g‘irlagan.

Foto: Tergov departamenti

Aniqlanishicha, Buxoro viloyatida 2020-yilning 10-iyul kuni taxminan soat 00:10 da 23 yoshli A.S. jinoiy sheriklari 18 yoshli M.A., 17 yoshli F.O., 16 yoshli A.I., B.K. hamda M.S.lar bilan bir guruh bo‘lib, Buxoro shahar Abay ko‘chasida turgan 31 yoshli F.Gʻ.ga tegishli “Damas” rusumli avtomashinaning eshigini ochib, avtomashina salonida bo‘lgan uyali telefon quvvatlagichini, hamyon ichida bo‘lgan 2260 dollar va 500 rubl pulni o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringan.

Bundan tashqari, A.S. va uning jinoiy sheriklari jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2020-yil 10-iyul kuni taxminan soat 00:40 da Buxoro shahar Jo‘bor ko‘chasida turgan 24 yoshli A.T.ga tegishli “Damas” rusumli avtomashinaning eshigini ochib, avtomashina ichida bo‘lgan 100 000 so‘mlik ko‘zoynakni yashirin ravishda o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringanlar.

Foto: Tergov Departamenti

Olib borilgan tergovoldi tekshiruv harakatlari jarayonida gumon qilinuvchilardan o‘g‘irlangan 500 rubl pul, hamyon, ko‘zoynak ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahri bo‘yicha IIO FMB 1-son IIB Tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (O‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Avvalroq Buxoroda qamishlarni suv havzasidan noqonuniy ravishda o‘rib ketayotgan shaxs to‘xtatib qolingani va o‘zini AOKA va “Yurt salohiyati” gazetasi vakili deb tanishtirgan soxta muxbirlar qo‘lga olingani xabar qilingandi.

Янгиликлар