O‘zbekistonda hokimliklar o‘z faoliyati bo‘yicha jamoatchilik oldida elektron hisobot beradi

Davlat boshqaruvi organlari va ularning hududiy bo‘linmalari, jumladan, hokimliklar 2020-yil 1-sentabrdan boshlab, faoliyati bo‘yicha jamoatchilik oldida elektron hisobot beradi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram kanalida xabar berildi.

Ushbu tartib 2020-yil 16-iyul kuni qabul qilingan “Elektron hukumat tizimini yanada rivojlantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining o‘z faoliyati bo‘yicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berishi tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori asosida amalga oshiriladi.

Qarorga muvofiq, elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reyestri (yagona reyestr)ga vazirliklar, davlat qo‘mitalari, agentliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik birlashmalarining axborot tizimlari va axborot resurslari kiritiladi.

Davlat organlari va tashkilotlariga yagona reyestrga kiritilgan axborot tizimlarining funksional vazifalarini takrorlaydigan axborot tizimlarini ishlab chiqish va foydalanish taqiqlanadi.

2021-yil 1-yanvarga qadar yagona reyestr va “Elektron hukumatning ma’lumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimi amaliyotga joriy etiladi.

Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi davlat organlari va tashkilotlarining barcha axborot tizimlari yagona reyestrga kiritilishining monitoringini olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-iyuldagi videoselektor yig‘ilishida hokimlarga har kuni ijtimoiy tarmoqlarda tushgan savollarga javob berish haqida topshiriq bergan edi. Shundan so‘ng Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov koronavirus masalasida Andijon ahliga murojaat qilib, ijtimoiy tarmoqlarda kelgan savollarga javob bergani xabar qilindi.

Янгиликлар