Qibraylik 67 yoshli ayol vafot etdi. O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 84 nafarga yetdi

Koronavirusga chalingan qibraylik bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma‘lum qilinishicha, Qibray tumanida yashovchi 67 yoshli U.A.da (ayol) shu yil 10-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Toshkent shahridagi 1-sonli klinik shifoxonaga olib kelinib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

16-iyul kuni esa o‘tkir nafas yetishmovchiligi kuzatilgani sababli sun’iy o‘pka ventilyatsiyasi apparatiga olingan. Unga COVID-19 infeksiyasi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Xastalik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, diabetik ensefalopatiya, diabetik nefropatiya asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kabi homroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ma’lumot uchun, 2020-yil 19-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 84 nafarni tashkil etmoqda.

Avvalroq Madaniyat vazirligining yosh xodimi koronavirusdan vafot etgani xabar qilingandi.

Янгиликлар