Qozog‘iston prezidenti mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat nazorat ostida emasligini aytdi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 18-iyul kuni mamlakatda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha idoralararo komissiya yig‘ilishini o‘tkazdi. Prezident hukumat va hokimlarni qattiq tanqid qildi, deya xabar beradi “Akorda”.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

“Xabarlarga ko‘ra, vaziyat nazorat ostida. Biroq, aslida, bunday emas. Men xodimlarimga mamlakat bo‘ylab dori-darmonlar zaxirasini tekshirishni buyurdim. Natijalar unchalik yaxshi emas. G‘arbiy Qozog‘iston, Atirau, Jambil va Qarag‘anda viloyatlarida, Nur-Sulton va Olmaota shahrida dori-darmon yetishmovchiligi kuzatilyapti. Hayotiy zarur dorilar narxi haddan ziyod oshirib yuborish holatlari aniqlanmoqda”, — deydi Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

Davlat rahbari noqonuniy dori vositalari savdosini aniqlash bo‘yicha reydlar davom etishini va jinoyatchilar qonunga muvofiq jazolanishini ta’kidlagan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, pandemiya boshlangandan buyon 270 kishi jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan, ularning 116 nafari tibbiyot xodimlari hisoblanadi.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Qayd etilishicha, cheklov choralariga qaramay, mamlakatda oilaviy bayramlar davom etmoqda. Xususan, Turkiston, Jambil, Olmaota viloyatlari va Chimkent shahrida ko‘plab qonun buzilish holatlari aniqlangan.

Shuningdek, prezident hokimlarni karantin rejimiga rioya etilishi bo‘yicha tushuntirish ishlarini sust olib borganlikda ayblagan.

“Hokimlar og‘ir sharoitda ishlash tajribasiga ega emas, murakkab muammolarni qanday hal qilishni va davlat siyosatini fuqarolarga tushuntirishni bilmaydi”, — deydi prezident.

Qozog‘istonda 18-iyul holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 68 703 nafarni tashkil qilmoqda. Qozog‘iston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda peshqadam bo‘lib turibdi. Bemorlarning 42 388 nafari to‘liq sog‘aygan, 375 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 1808 ta yangi holat qayd etilgan.

Янгиликлар