IIV va hokimliklar tibbiyot muassasalarini kislorod bilan to‘ldirib borishga shaxsan mas’ul etib belgilandi

Shavkat Mirziyoyev 20-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektorda pandemiya davrida har bir bemorni davolash uchun kislorodga ehtiyoj keskin ortishini ta’kidlab, nafas yetishmovchiligini bartaraf qiluvchi tibbiy jihozlarni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya markazi, Toshkent shahar 1-son klinik shifoxonasi, Respublika birinchi va ikkinchi son klinik kasalxonasida hamda barcha yangi ochilayotgan provizor shifoxonalarida 1000 dan ortiq kislorod o‘tkazadigan nuqtalar sonini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.

Toshkent shahri hokimligi, Ichki ishlar vazirligi hamda har bir tuman hokimi o‘z hududida joylashgan tibbiyot muassasalarini doimiy asosda kislorod bilan to‘ldirib borishga shaxsan mas’ulligi belgilandi.

Ta’kidlanishicha, chet davlatlarda o‘pkasi yallig‘langan har bir bemor uchun zudlik bilan kislorod konsentratorlariga maxsus niqoblar kiygizish orqali havo olishini yengillashtirib, qo‘liga pulsoksimetr taqilmoqda va bu bilan bemorning nafas yetishmovchiligi bartaraf qilinmoqda. O‘zbekiston Prezidenti bosh vazirga mazkur tibbiyot jihozlarini imkon qadar qisqa muddatlarda mamlakatga yetkazish topshirig‘ini berdi.

Buning uchun, agar kerak bo‘lsa, maxsus samolyot ajratilishi, tadbirkorlar tomonidan kislorod konsentratorlarini O‘zbekistonga olib kirish tartib-taomillarini yengillashtirish choralari ko‘rilishi lozimligi qayd etildi.

Avvalroq Toshkentda 103 telefon raqamiga ulanish vaqti 1,5 daqiqadan 15 soniyagacha qisqartirilgani, brigadalar soni ko‘paytirilgani xabar berildi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev poliklinikalarni 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergani ma’lum qilindi.

Янгиликлар