Isroilning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi

Isroillik diplomat Zexavit Ben-Gilel 20-iyul kuni ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi elchisi etib taynlandi, deb xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.

Foto: “Israil in Toronto”

Isroil ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilgan xabarga ko‘ra, ushbu mamlakatning O‘zbekiston, Finlyandiya va Eritreyadagi elchilari, shuningdek, BMTning Nyu-York va Jenevadagi tashkilotlaridagi doimiy vakili tayinlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil Tashqi ishlar vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlayotgan Zexavit Ben-Gilel Eduard Shapiraning o‘rnini egallaydi. E.Shapira 2018-yil 28-fevral kuni O‘zbekiston Prezidentiga ishonch yorlig‘ini topshirgan edi.

Zexavit Ben-Gilel shu paytga qadar Isroil Tashqi ishlar vazirligi va xorijda turli diplomatik vazifalarda faoliyat olib borgan. U ingliz, ispan va nemis tillarini mukammal biladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 19-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 5-yalpi majlisida O‘zbekistonning Isroildagi elchisi etib Tashqi ishlar vazirligining Ikki tomonlama hamkorlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Feruza Mahmudova tayinlangan edi.

Avvalroq Ukrainada O‘zbekistonning yangi elchisi tayinlanib, U Kiyev shahriga uchib ketgani, O‘zbekiston elchisi onlayn tarzda Hindiston prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirgani haqida xabar berilgan edi.