Qashqadaryo viloyati hokimi G‘uzordagi 127 kishida koronavirus aniqlangan zavodga bordi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev qurilish ishlarida ishlayotgan 127 kishida koronavirus aniqlangan Gʻuzordagi zavodga bordi. Bu haqida viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Ma’lum qilinishicha, 8-iyul kuni Gʻuzordagi sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqariladigan bu zavoddagi qurilishda ishlayotgan 127 kishida koronavirus aniqlangan. 18-iyul, shanba kuni “Uzbekistan GTL” zavodida bo‘lgan Zoyir Mirzayev koronavirusga qarshi amalga oshirilayotgan ishlar va qurilish jarayoni bilan tanishdi. “Uzbekistan GTL” zavodining o‘zida Zoyir Mirzayev ishtirokida brifing o‘tkazilgan.

Shuningdek, 20-iyulgacha Qashqadaryoda 8700 ta zaxira o‘rinlari tayyor bo‘ladi (katta ehtimol bilan gap karantin o‘rinlari haqida ketmoqda). Bugungi kunda esa 890 ta zaxira o‘rni mavjudligi ma’lum qilingan.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Mirzayev Qashqadaryoda koronavirusga qarshi kurashda 5280 nafar tibbiyot xodimlari jalb qilinganini aytgan. Shuningdek, nafaqaga chiqqan, avval tibbiyot sohasida, harbiy sohada ishlagan tajribasi bor virusolog, infeksionistlarni zaxiraga tayyorlash maqsadida ro‘yxat qilinayotgani ma’lum bo‘ldi.

“Qashqadaryodagi ishonch telefonlariga har kuni o‘rtacha 185 ta qo‘ng‘iroq bo‘lyapti va ulardan 40—42 tasi oziq-ovqat yoki dori-darmon so‘rovi bo‘yicha. Viloyatda yordamga muhtoj odamlarning moddiy so‘rovlarini qanoatlantirish imkoni bor”, — deydi Zoyir Mirzayev.

Ma’lum bo‘lishicha, ayni damda viloyatdagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasida 4,2 milliard so‘m pul bor va oxirgi bir kunda jamg‘armaga homiylar tomonidan 56 million so‘m pul tushgan.

Ma’lumot uchun, Qashqadaryoda 19-iyul holatiga ko‘ra, 409 kishida koronavirus aniqlangan. Ulardan 332 nafari tuzalgan.

Avvalroq Qashqadaryoda koronavirus tekshiriladigan laboratoriya xodimlarida virus aniqlangani xabar qilingandi.

Янгиликлар