Toshkentda koronavirusga shubhali bemorlar uchun tashkil etilgan 7 ta klinikada ishlovchi shifokorlarga har ish kuni uchun oylik maoshining 6 foizi miqdorida ustama haq to‘lanadi

Toshkent shahrida mavjud 16 ta klinikaga qo‘shimcha COVID-19’ga shubhali bemorlar uchun mo‘ljallangan yana 7 ta 850 o‘rinli provizor klinikalar tashkil qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu klinikalarning tibbiyot xodimlariga har bir ish kuni uchun oylik maoshining 6 foizi miqdorida ustama haq to‘lash masalasi hal qilindi.

Shavkat Mirziyoyev ta’kidlanidek, 20-iyuldan boshlab koronavirusga chalingan bemorlar bilan ishlayotgan har bir maxsus shifoxonada alohida tijorat bankining kassalari tashkil qilinib, shifokorlarning 14 kunlik ish haqini joyida olish tizimi joriy etiladi.

Prezident, shuningdek, pandemiya bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolayotganini aytdi. Jumladan, oxirgi to‘rt kunda mamlakat bo‘yicha yangi aniqlangan 2 136 nafar bemorning 1 218 tasi (57 foizi) Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga to‘g‘ri keladi.

Koronavirusga shubha bo‘lgan barcha bemorlarni infeksiya mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, zotiljam va nafas yetishmovchiligining klinik belgilari mavjudligiga asoslangan holda davolash muassasalariga qabul qilinishi belgilandi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev hokimlar va sektor rahbarlarini ogohlantirib, ularda o‘z hududlaridagi mavjud vaziyat haqida to‘liq va haqqoniy ma’lumotlar bo‘lishi, har kuni har soatda yangilanib borishi kerakligi ta’kidlagan edi.

Shuningdek, O‘zbekistondagi xususiy va nodavlat tibbiyot muassasalariga koronavirus bemorlarini davolashga ruxsat berilgani haqda xabar berilgan edi.

Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga “hayfsan” e’lon qilish haqidagi 15-iyuldagi farmoyishida O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini ketayotgani ma’lum qilingan.