“Andijonda shu vaqtgacha 104 ming kishidan koronavirus testi olingan” — Shuhrat Abdurahmonov viloyatdagi epidemiologik holat haqida ma’lumot berdi

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov OAV vakillari ishtirokidagi brifingda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Ma’lum qilinishicha, viloyatda shu kungacha kasallanganlar soni 738 nafar bo‘lib, 20-iyul holatiga 425 nafari butkul sog‘ayib ketgan. 21-iyul kuni soat 17:00 holatiga ko‘ra, viloyatda yana 111 ta yangi holat aniqlandi. 738 kishidan 363 nafari ”Do‘stlik” chegara posti orqali Qirg‘izistondan o‘tgan fuqarolar bo‘lib, shu kungacha chegaradan 7 500 kishi o‘tib kelgan.

Ta’kidlanishicha, shu vaqtgacha viloyatda 104 ming kishidan infeksiyani aniqlash uchun test olingan. Bu borada hech qanday muammo yo‘qligi, shu kunlarda Andijonga 10 000 dona 15-20 daqiqada koronavirus infeksiyasi bor-yo‘qligini aniqlovchi tezkor test olib kelinadi.

Shuningdek, ayni paytda davolanayotgan 313 nafar bemordan (21-iyul holatiga ko‘ra, 424 nafarga yetdi) ikki nafarining ahvoli og‘ir. Bulardan biri oldindan jigar sirrozi kasalligiga chalingan bo‘lgan, yana biri “qandli diabet” kasalligi bo‘lgani sababli holat og‘irroq kechyapti. Olti bemorda pnevmoniya aniqlangan bo‘lib, ularning ahvoli o‘rta og‘ir holatda ekanligi ma’lum qilindi.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

“Andijonlik shifokorlarga ming bor rahmat aytaman, shu paytgacha ulardan birortasi ‘charchadim’ demadi. Ular oq libosining nomini oqlab mehnat qilishyapti.

Biz koronavirusni davolash bo‘yicha maxsus kurs tashkil qildik. Ayni paytda zaxirada 288 nafar shifokor tayyor turibdi. Bundan tashqari, 2031 nafar shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlov kurslariga jalb qilganmiz. Andijonda tibbiyot xodimlari bo‘yicha umuman muammo yo‘q”, — dedi viloyat hokimi.

Hokimning qayd etishicha, viloyatdagi 8 ta davlat va 7 ta xususiy shifoxonalarda bemorlarni qabul qilish uchun 2000 ta qo‘shimcha joy tayyor holatda turibdi. Bundan tashqari, karantin uchun hududdagi sanatoriya, lager va boshqa tibbiyot maskanlarida 10 ming 200 ta joy tayyorlangan.

Viloyatda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan 49 turdagi dori vositalari, 17 turdagi himoya vositalari va tibbiy jihozlarning 3 oylik zaxirasi yaratilgan.

Avvalroq Shuhrat Abdurahmonov qo‘lida koronavirusga qarshi ishlatiladigan 49 xil dori-darmon vositalari 3 oylik zaxirasining kaliti turganini aytgandi.

Янгиликлар