JSST sobiq eksperti dunyoning 80% aholisi vaksinasiz qolishini aytdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining sobiq eksperti Klaus Shtor “Bloomberg” bilan suhbatda dunyo aholisinning aksariyati koronavirusga qarshi vaksinani ololmasligini ma’lum qildi. U JSSTning o‘tkir respirator sindromi (atipik pnevmoniya, SARS) bo‘yicha tadqiqotlariga rahbarlik qilgan, shuningdek, tashkilotning dunyo miqyosidagi grippga qarshi dasturini boshqargan, deya yozadi “Bloomberg” nashri.

Shtorning fikricha, kelgusi yilning boshigacha dunyo aholisi 7,5 milliard kishiga yetishiga qaramay, dunyoda atigi yarim milliard doza vaksina mavjud bo‘ladi. Germaniya kabi davlatlar u vaqtga qadar katta miqdordagi vaksinalarni jamg‘arib olishi mumkin. Ammo Braziliya, Argentina yoki Chili hech qachon emlanmaydi.

“Dunyo mamlakatlari ikki guruhga bo‘linadi: vaksinasi borlar va vaksinasi yo‘qlar. Kerakli infratuzilmaga ega bo‘lmagan, sog‘liqni saqlash tizimi ko‘p sonli aholiga qiyinchilik bilan xizmat ko‘rsatadigan davlatlar qanaqa vaksina oladi?” — deydi u.

Virus dunyo bo‘ylab tarqalishda davom etadi: o‘ta og‘ir ikkinchi to‘lqin boshlanadi, keyin uchinchi to‘lqin kuzatiladi, deydi Shtor. Virus dunyo aholisining katta qismiga yuqqunicha ikki—uch yil ketadi. Uchinchi to‘lqindan so‘ng dunyoning 80 foiz aholisida antitanachalar bo‘ladi.

“Vaksina paydo bo‘lgunga qadar qish keladi. Koronavirus aniqlangan holatlar ko‘payadi, uning tarqalishini to‘xtatish qiyin bo‘ladi. Chunki odamlar erkinliklari va harakatlanishlariga qo‘yilgan yangi cheklovlarni oson qabul qilmaydi. Pandemiyani vaksina to‘xtatmaydi, balki virus o‘zi topgan barcha quruq o‘tinlarini yoqib bo‘lgach, g‘oyib bo‘ladi”, — deydi Shtor.

Shtorning ta’kidlashicha, koronavirus eng murakkab infeksiya emas. Unga hatto oddiy vaksinalar ham ta’sir ko‘rsata oladi. Hozirda esa turli mamlakatlar bir necha xil emlash turlarini ishlab chiqmoqda. Ilgari yangi vaksinalar bosqichma-bosqich qo‘llanilgan, lekin bunisi zudlik bilan keng qo‘llanilishi kutilmoqda — yarim yildan bir yilgacha muddat ichida yuz millionlab dozada, ammo uning nojo‘ya ta’sirlari masalasi ochiq qolmoqda: kasallik ta’siri va vaksina qo‘llash ta’siri o‘rtasidagi muvozanatni topish kerak, deydi Shtor.

Jons Hopkins universitetining ma’lumotlari bo‘yicha, 21-iyul holatiga ko‘ra dunyo bo‘yicha 14,8 million kishi koronavirusdan kasallangan, deyarli 614 ming kishi vafot etgan. Bir nechta mamlakatlar qator vaksinalarni ishlab chiqarmoqda. Birgina Rossiyaning o‘zida 21-iyul kuni COVID-19’ga qarshi mahalliy vaksina tayyor bo‘lgani xabar qilindi.

Янгиликлар