“Oilaviy” telekanali koronavirusga qarshi targ‘ibotga ixtisoslashgan telekanallar ro‘yxatiga qo‘shildi

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi “Oilaviy” telekanali 20-iyul kuni koronavirusga qarshi targ‘ibotga ixtisoslashgan telekanallar ro‘yxatiga qo‘shildi.

Kadr: Telegram

Endilikda “Oilaviy” telekanalida har kuni soat 10:00 dan boshlab, “COVID-19: Dolzarb savollar” dasturi to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatiladi. Ushbu ko‘rsatuvda malakali mutaxassislar hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zolari koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq savollarga javob beradi.

Fuqarolar Telegram’dagi @mtrk_COVID_19 manziliga savol yo‘llashi mumkin. Shuningdek, jonli efir paytida tomoshabinlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan 71 214-13-72, 71 214-14-40 telefon raqamlari orqali murojaat qilish imkoniyatiga ega.

Ma’lumot uchun, ayni paytga qadar “UZREPORT TV”, “Mahalla”, “Milliy” telekanallarida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar efirga uzatib kelinadi.

Avvalroq “Milliy” telekanali orqali efirga uzatiladigan “Tez yordam” ko‘rsatuvida immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayeva va virusolog Ra’no Qosimova spirtli ichimliklarni iste’mol qilish koronavirusni yo‘qotishga yordam bermasligini ta’kidlagani haqda xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 21-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 17 755 kishiga yetgan. Ayni paytga qadar 9463 nafar bemor sog‘aygan, 93 kishi vafot etgan. Hozirda 8199 nafar fuqaroga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar asosida davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар