Qashqadaryoda fuqarolarga nisbatan jarima qo‘llamaslik evaziga 800 ming so‘m pul talab qilgan mansabdor shaxs qo‘lga olindi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kitob tuman bo‘limi tomonidan pora olish holatlarini aniqlash maqsadida tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Tez News”ga ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Qashqadaryo viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi Kitob tuman filiali boshlig‘i Q.N. fuqaro M.Y.dan fuqarolar tomonidan karantin qoidalarini buzib, niqobsiz yurganliklari holati yuzasidan ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rmaslik evaziga 800 ming so‘m pora talab qilgan. Q.N. kelishilgan pulning 600 ming so‘mini olayotgan paytida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan filial boshlig‘i Q.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Samarqandda inspektorga pora sifatida giyohvand modda taklif qilgan shaxslar qo‘lga olingani haqda xabar berilgandi. Shuningdek, Navoiyda 500 million so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan “SES” bosh shifokori va ombor mudiri hibsga olingan.