Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari “Dori-darmon” aksionerlik kompaniyasiga tegishli 20 mlrd va 10 mlrd aylanma mablag‘ ajratadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda koronavirusga chalingan fuqarolar soni yanada oshib borishi mumkinligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan qisqa muddatlarda ushbu kasallikka chalinganlarni davolash uchun yaratilgan qo‘shimcha o‘rin-joylar sonini oshirishga topshiriq berdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Qo‘shimcha o‘rin-joylar birinchi navbatda oliygohlar yotoqxonalari, yopiq sport maydonlari va boshqa sig‘imi katta bino-inshootlar hisobiga, kamida ikki-uch barobarga oshiriladi.

Bemorlarni davolash uchun zarur dori-darmon vositalari zaxiralarini yaratish maqsadida qo‘shimcha ravishda Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari tegishlicha 20 milliard va 10 milliard so‘m mablag‘larni “Dori-darmon” aksionerlik kompaniyasiga aylanma mablag‘ sifatida ajratishi belgilandi.

Shahar va tuman hokimlari 24 soat davomida har bir kasalxonadagi vaziyatni jilovlab turishga mas’ul hisoblanadi hamda ularni uzluksiz va muammosiz ishlashiga sharoit yaratib berishiga javobgar deb belgilandi.

Avvalroq Toshkentda 103 telefon raqamiga ulanish vaqti 1,5 daqiqadan 15 soniyagacha qisqartirilgani va brigadalar soni ko‘paytirilgani hamda Prezidentning poliklinikalarni 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergani ma’lum qilindi.

Янгиликлар