Xorij davlatlarida yaratilgan koronavirusga qarshi vaksina O‘zbekistonga qachon olib kelinishi yuzasidan Nurmat Otabekov izoh berdi

Xalqaro Press-klubning 20-iyuldagi sessiyasida koronavirusga qarshi kurash va pandemiya davrida aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Unda xorij mamlakatlarida virusga qarshi ishlab chiqilgan vaksina qachondan O‘zbekistonga olib kelinishi bo‘yicha izoh berildi.

Foto: Xalqaro Press-klub

Press klub davomida vaksinaning avgust-sentabr oylarida sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgani va uni O‘zbekistonga ham olib kelish borasida qanday ishlar amalga oshirilishi yuzasidan Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov ma’lumot bergan.

“Vaksinalar ishlab chiqayotgani va ular klinik sinovdan o‘tayotgani borasida axborotlarga egamiz. Oxirgi uch kun davomida Prezident o‘tkazgan selektorlar davomida bir narsa ta‘kidlanyapti. Agar dunyoda koronavirus kasaliga qarshi nimaiki yangilik yaratilgan bo‘lsa, o‘sha yangilik O‘zbekiston xalqiga, albatta, yetib keladi”, — deya ta’kidlaydi Nurmat Otabekov.

Sanitariya-epidemiolgiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘ining aytishicha, dastlab vaksinaning samarasi, qo‘llash tartibi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lingandan so‘ng bu imkoniyat O‘zbekistonda ham ishga solinadi.

Avvalroq Rossiyaning COVID’ga qarshi ilk mahalliy vaksinasi tayyor bo‘lgani, O‘zbekiston va Xitoy birgalikda koronavirusga qarshi vaksina sinovini o‘tkazishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, JSST sobiq eksperti dunyoning 80% aholisi vaksinasiz qolishini aytgandi.