Andijon IIB pichoqbozlik aks etgan videotasvir yuzasidan munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda 21-iyul, seshanba kuni Andijon shahrida yuz bergan pichoqbozlik aks etgan video tasvirlar tarqaldi. Andijon viloyati IIB ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Foto: Andijon viloyati IIB

Mazkur holat o‘rganilganda, shu kuni soat 16:30 larda Andijon shahrida yashovchi, 1967-yilda tug‘ilgan fuqaro S.T. Andijon shahar O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan “Bekzod” nomli oshxonaga ovqat olib ketish uchun kelib, shu oshxona ishchisi, 1998-yilda tug‘ilgan R.Sh. bilan o‘zaro janjallashib ketgan.

Janjal davomida S.T. shu yerda bo‘lgan xo‘jalik pichog‘i bilan fuqaro R.Sh.ning o‘ng ko‘krak qismiga bir marotaba urib, tan jarohati yetkazgan. Fuqaro S.T. voqea joyidan tashqariga chiqib qochib ketayotgan vaqtida oshxona ishchilari tomonidan kaltaklanib, unga nisbatan ham tan jarohati yetkazilgan. Buning oqibatida R.Sh. va  S.T. kasalxonaga yotqizilgan. S.T.dan ashyoviy dalil sifatida xo‘jalik pichog‘i olingan.

Hozirda  mazkur holat yuzasidan Andijon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “e” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari  olib borilmoqda.

Avvalroq Andijonda erkak oilaviy kelishmovchilik sabab xotini va qizini pichoqlab o‘ldirgani xabar berilgan edi.

Янгиликлар